Viloyat Ichki ishlar boshqarmasida o‘tkazilgan yig‘ilishda Prezidentimizning joriy yil 27-yanvar kuni o‘tkazilgan yig‘ilishida belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar atroflicha tahlil qilindi. Bu boradagi mavjud muammolar tanqidiy ruhda muhokama etilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish hamda faoliyat samaradorligini oshirish yuzasidan aniq vazifalar belgilab berildi.
Shuningdek, vazir o‘rinbosari viloyat Ichki ishlar boshqarmasida Boshqarma boshlig‘i o‘rinbosarining “Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar” mavzusidagi taqdimoti bilan yaqindan tanishdi. Taqdimot davomida xodimlarning maʼnaviy-axloqiy salohiyatini yuksaltirish, ularning ijtimoiy muammolarini o‘rganish, maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar samaradorligini oshirish, shuningdek, shaxsiy tarkibning ruhiy barqarorligini taʼminlash borasida olib borilayotgan ishlar haqida batafsil maʼlumot berildi.



Tashrifning navbatdagi manzili Guliston shahar Ichki ishlar boshqarmasi bo‘ldi. Bu yerda vazir o‘rinbosari boshqarmada yo‘lga qo‘yilgan “Surishtiruv guruhi faoliyati” bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Unda hududdagi jinoyatchilikni aniqlash va fosh etish, jinoyatlarning barvaqt oldini olish, tergovoldi tekshiruvlarini sifatli va tezkor olib borish yuzasidan yo‘lga qo‘yilgan ishlar bo‘yicha maʼlumot berildi.
Shundan so‘ng vazir o‘rinbosari Guliston shahrining “Bo‘ston” mahallasiga tashrif buyurdi. Guliston shahar IIB boshlig‘i hamda mahalla profilaktika inspektorlari tomonidan hududda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, aholi bilan manzilli ishlash, muammoli oilalar va ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslar bilan olib borilayotgan profilaktik chora-tadbirlar yuzasidan taqdimot o‘tkazildi.
Bundan tashqari, mahallada tashkil etilgan “Xotin-qizlarga huquqiy maslahat ko‘chma qabulxonasi” faoliyati bilan ham yaqindan tanishildi. Viloyat IIB JXX HPB boshlig‘ining o‘rinbosari tomonidan ko‘chma qabulxonaning asosiy yo‘nalishlari, xotin-qizlarga huquqiy yordam ko‘rsatish, ularning murojaatlarini o‘rganish va muammolarini hal etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil maʼlumot berildi.


Tashrifning navbatdagi manzili boshqarma Davolash-profilaktika muassasasining tibbiyot bo‘limi bo‘ldi. U yerda vazir o‘rinbosari yaratilgan davolash sharoitlari, bemorlar uchun ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati hamda zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlanganlik darajasini atroflicha ko‘zdan kechirdi.
Shuningdek, tibbiyot bo‘limi boshlig‘ining xodimlar salomatligini mustahkamlash, ularning jismoniy va ruhiy holatini tiklash, kasalliklarning oldini olish hamda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan taqdimoti tinglandi.
Shuningdek vazir o‘rinbosari “Dinamo” jismoniy tarbiya va sport jamiyatida jismoniy va jangovar tayyorgarlik mashg‘ulotlarini kompleks tarzda o‘tkazishga mo‘ljallangan zamonaviy binoning qurilish jarayoni bilan tanishdi.
Vazir o‘rinbosari xizmat safari doirasida O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi ixtisoslashtirilgan o‘quv markaziga tashrif buyurdi. Tashrif davomida markazda yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar, o‘quv jarayonining tashkil etilishi hamda o‘q otish poligonidagi imkoniyatlar atroflicha ko‘zdan kechirildi.
Shundan so‘ng vazir o‘rinbosari Sirdaryo tumani IIBda bo‘lib, xodimlar uchun yaratilgan xizmat sharoitlari, jamoat xavfsizligini taʼminlash borasidagi ishlar, shuningdek tergov va surishtiruv yo‘nalishidagi faoliyat bilan yaqindan tanishdi.
Vazir o‘rinbosarining Sirdaryo tumaniga tashrifi davomida ushbu tumanda joylashgan O‘zbekiston Respublikasi IIV Sirdaryo akademik litseyiga tashrif buyurdi. Tashrif davomida taʼlim muassasasida yaratilgan shart-sharoitlar, o‘quv-tarbiya jarayonlari hamda o‘quvchilarning bilim saviyasi bilan yaqindan tanishildi. Shuningdek, litsey rahbariyati va pedagog xodimlar bilan uchrashuv o‘tkazilib, taʼlim sifatini yana-da oshirish bo‘yicha qator tavsiya va topshiriqlar berildi.



O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri o‘rinbosarining Sirdaryo viloyatidagi o‘rganishlari yakunlandi.

