2025-yil, 17-may kuni Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan otaliqqa olingan Xovos tumanidagi 19-sonli umumta’lim maktabida navbatdagi ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Ichki ishlar vazirligi Sirdaryo akademik litseyining “Tillar” va “Huquqiy-ijtimoiy gumanitar fanlar” kafedralari o‘qituvchilari – E.Mirzaqulov, R.Shaymatov, S.Djurayeva va N.Xolmurzayev ishtirok etdilar.
“Jadidchilik saboqlari” mavzusida tashkil etilgan davra suhbati interaktiv shaklda o‘tkazilib, o‘quvchilar bilan jonli muloqot, savol-javoblar hamda “Jeopardy” viktorina dasturi orqali bilim sinovlari tashkil qilindi.


R.Shaymatov tomonidan jadidchilik harakatining tarixiy ahamiyati, uning o‘zbek xalqining ma’naviy uyg‘onishiga qo‘shgan hissasi haqida ma’ruza qilindi. N.Xolmurzayev esa Konstitutsiyamizga kiritilgan so‘nggi o‘zgarishlar haqida sodda va tushunarli tilda ma’lumotlar taqdim etdi. Shu bilan birga, ingliz tilidan xalqaro sertifikatlarga ega bo‘lgan o‘quvchilar bilan alohida suhbat o‘tkazilib, ularning til o‘rganishdagi yutuqlari va tajribalari baham ko‘rildi.
Viktorina o‘yinida faol qatnashgan o‘quvchilar va g‘olib jamoalar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Tadbir yakunida maktab o‘quvchilari o‘zlarining iliq fikr va taassurotlarini bildirib, bunday uchrashuvlar ularning bilim va dunyoqarashini kengaytirishda muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etdilar.

