Bugun, 15-may kuni, IIV Sirdaryo akademik litseyi informatika fani o‘qituvchilari boshchiligida litsey o‘quvchilari Toshkent viloyati, Nurafshon shahrida joylashgan Cyber Universityda tashkil etilgan ochiq eshiklar kunida ishtirok etdilar.
Kiberxavfsizlik sohasida o‘z ta’limini davom ettirishni xohlagan yoshlar uchun universitetning innovatsion o‘quv laboratoriyalari, kutubxona imkoniyatlari va yuqori malakali mutaxassislar tomonidan o‘tkazilgan master-klasslar tadbirning asosiy qismini tashkil etdi. O‘quvchilar yangi qurilgan talabalar turar joyi va sport komplekslari bilan tanishib, universitetning zamonaviy infrastrukturasini ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.



Bu tadbir nafaqat kiberxavfsizlik bo‘yicha malaka oshirishga qiziqqanlar, balki yangi texnologiyalar va global imkoniyatlardan foydalanishni istagan barcha yoshlar uchun muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.


