Yurtimizda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va ommaviy sportni rivojlantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sanaladi. Bu borada Prezidentimiz tomonidan berilayotgan topshiriqlar asosida joylarda muntazam chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, viloyat, shahar va tumanlarda, shuningdek, ta’lim muassasalarida erta tonggi badantarbiya mashg‘ulotlari, ommaviy yurish va yugurish marafonlari tizimli ravishda o‘tkazilib kelinmoqda.



Joriy yilning 12-aprel kuni IIV Sirdaryo akademik litseyida “Sport – sog‘lom xalq, sog‘lom jamiyatning tayanchi va ustunidir” shiori ostida “5 000 qadam” yurish marafoni hamda ommaviy badantarbiya tadbiri tashkil etildi. Tadbirda o‘quvchilar va ustozlar faol ishtirok etib, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishdi.
Bunday tadbirlar yoshlarning jismoniy tayyorgarligini oshirish, ularni sportga keng jalb etish va sog‘lom turmush tarzini shakllantirishga xizmat qiladi.


