Abdulla Qodiriy asarlari uning betakror poetik tafakkuri, chuqur tarixiy dunyoqarashi va o‘z xalqiga bo‘lgan cheksiz muhabbatidan darak beradi. U o‘zbek tilining jozibasini, xalq ruhiyati va tarixiy tafakkurini adabiy asarlari orqali porlatgan buyuk siymodir.

Joriy yilning 11-aprel kuni IIV Sirdaryo akademik litseyida o‘zbek romanchiligining asoschisi, yozuvchi, shoir, tarjimon va dramaturg, XX asr o‘zbek adabiyotining zabardast vakili Abdulla Qodiriy tavalludining 131 yilligiga bag‘ishlab ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbir davomida o‘quvchilar tomonidan “Qodiriyning so‘nggi kunlari”dan monologlar, adibga atalgan she’rlar va jonli ijrodagi musiqiy chiqishlar namoyish etildi. Ayniqsa, “O‘tkan kunlar” romanidan sahnalashtirilgan parcha – Otabek, Kumush va Zaynab obrazlarining mahorat bilan jonlantirilishi tadbirga badiiy chuqurlik va hissiy ta’sir bag‘ishladi.

Bu kabi tadbirlar yosh avlod qalbida milliy adabiyotimizga, uning namoyandalariga bo‘lgan hurmat va qiziqishni oshirish, o‘zbek tili va madaniyatiga mehr uyg‘otish, adabiy-estetik didni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *