IIV Sirdaryo akademik litseyida Huquqiy va ijtimoiy-gumanitar fanlar kafedrasi boshlig‘i, tarix fanlari nomzodi Qlichev Ulug‘bek Abdumavlonovichning “Tarix fanini o‘qitishda metod va axborotlardan foydalanish yo‘llari” nomli kitobi taqdimoti o‘tkazildi.
Tadbir davomida muallif o‘quv-uslubiy qo‘llanmaning mazmun-mohiyati haqida so‘z yuritib, tarix fanini o‘qitishda interfaol metodlardan samarali foydalanish, turli xaritalarning dars jarayonidagi o‘rni va o‘quvchilarda tarixiy tafakkurni shakllantirishdagi ahamiyatini alohida ta’kidladi. Shuningdek, zamonaviy axborot texnologiyalaridan, xususan, onlayn platformalar yordamida test yaratish metodikasi bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.
📌 Taqdimot yakunida kitobda ilgari surilgan mavzular yuzasidan bahs-munozaralar tashkil etilib, qiziqarli fikrlar almashildi. Ushbu jarayon litsey o‘qituvchilarining kasbiy mahoratini oshirish, yangi g‘oyalar va samarali metodlarni o‘z faoliyatiga tatbiq etishda muhim motivatsiya bo‘lib xizmat qildi.


